Nepal g‘arbidagi Jayarkot tumanida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida 128 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Reuters hukumat bayonotiga tayanib.

4-noyabrga o‘tar kechasi 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Nepal Milliy seysmologiya markazi. AQSh Geologiya xizmati zilzila kuchini 5,6 ball deb baholadi. Yer silkinishlarini qo‘shni Hindistonning Nyu-Dehli shahri aholisi ham his qildi.

Jayarkot tumanidagi zilzila sabab uylarga shikast yetdi, ba’zilari butunlay qulab tushdi, oqibatda kamida 92 kishi halok bo‘ldi va kamida 55 kishi jarohat oldi. Qo‘shni G‘arbiy Rukum tumanida 36 kishi halok bo‘ldi, 85 kishi yaralandi.

Nepal bosh vaziri Pushpa Kamal Dahal falokat joyiga vertolyotda bordi.

Rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligidan xavotirda. Ular jabrlangan ko‘plab aholi punktlari bilan aloqa uzilganini ta’kidlamoqda. Qidiruv-qutqaruv guruhlari zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga yetib borish uchun ko‘chki tufayli to‘silgan yo‘llarni tozalamoqda.