2-noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 31 marta AQShni Kubaga nisbatan iqtisodiy, tijorat va moliyaviy sanksiyalarni bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Hujjatni 187 davlat, jumladan O‘zbekiston ham qo‘llab-quvvatladi. Ikki davlat — AQSh va Isroil qarshi ovoz berdi, Ukraina betaraf qoldi.

BMT Bosh Assambleyasi 31 yil ketma-ket blokadani bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyalarni qabul qilib kelmoqda. 1992-yilda uni 59 davlat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 2017-yilda — 191 ta, o‘tgan yili — 185 ta, bu yil esa — 187 ta davlat rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan. Faqatgina 2016-yilda AQSh “qarshi” ovoz bermagandi, o‘sha yili u betaraf qolgan. Biroq, keyin rasmiy Vashington avvalgi pozitsiyasiga qaytdi.

Rezolyutsiya mualliflari tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan 1996-yil 12-martda Qo‘shma Shtatlarda qabul qilingan Xelms-Berton qonuni sifatida tanilgan, ekstraterritorial oqibatlari boshqa davlatlar suverenitetiga ta’sir ko‘rsatadigan, yuridik yoki jismoniy shaxslarning qonuniy manfaatlari, ularning yurisdiksiyasi va savdo va navigatsiya erkinligini cheklaydigan qonunlar va qoidalarni qo‘llashini qoraladi. Rezolyutsiya barcha davlatlarni bunday choralar va qonunlarni “qabul qilish va qo‘llashdan tiyilish”ga chaqiradi.

Assambleyada so‘zga chiqqan delegatlar Kubaga qarshi embargoning noqonuniy ekanligini ta’kidlab, bu BMT Nizomini qo‘pol va muntazam ravishda buzish ekanligini ta’kidladilar. Ular blokadaning Kuba xalqiga yetkazayotgan zarariga, ularni asosiy daromad va asosiy ehtiyojlar, jumladan, dori vositalaridan mahrum qilishiga ishora qildilar.

Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parilla AQShning uning mamlakatiga qarshi iqtisodiy sanksiyalari Kuba xalqining inson huquqlarining keng miqyosda buzilishiga olib kelayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholiga zarur tovarlar, oziq-ovqat, sanoat uskunalari, chorvachilikni rivojlantirish uchun zarur mablag‘ yetishmaydi.

“Kuba Amerika kompaniyalari va ularning uchinchi mamlakatlardagi sho‘ba korxonalaridan asbob-uskunalar, texnologiya, tibbiy asbob-uskunalar va farmatsevtika mahsulotlarini xarid qila olmaydi”, deb ta’kidladi vazir. Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, Kuba sotuvchilarga ortiqcha to‘lashga yoki dori-darmonlarni samarasiz analoglari bilan almashtirishga majbur.

Tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, hatto pandemiya davrida ham tibbiy kislorod sotib olish uchun AQSh hukumatining maxsus ruxsati talab qilingan. Bu, dedi u, Kubaga nisbatan sanksiyalar siyosatining “g‘ayriinsoniy mohiyatini” ko‘rsatadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari vakili Pol Folmsbi yig‘ilganlarni Vashington Kuba xalqining erkinlik, farovonlik va yanada munosib kelajakka intilishida ular bilan birga ekanligiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillarini rivojlantirish vositalaridan biridir.

Qo‘shma Shtatlar Kuba xalqi duch keladigan qiyinchiliklarni tan oladi. Shu sababli, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa gumanitar tovarlar sanksiyalar rejimidan chiqarib tashlangan, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1997-yilda AQSh va Isroil bilan birga rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan, 1998, 1999 va 2002-yillarda betaraf qolgan.