Shavkat Mirziyoyev Qozog‘izton poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka chaqirdi.

“Ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqamizda strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Biroq dunyoning boshqa nuqtalarida nizo va urushlar avj olayotgan hozirgi sharoitda ushbu muammo xalqaro hamjamiyat e’tiboridan tobora chetda qolmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

“Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak. Biz ilgari surayotgan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi”, — dedi prezident

Davlat rahbarining qayd etishicha, O‘zbekiston afg‘on xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar ko‘mak ko‘rsatishni, ta’lim markazida esa afg‘on fuqarolarini o‘qitishni faol davom ettiradi.

Avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurgani va tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yiliga 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. Delegatlar uchrashuvida “Tolibon” Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun to‘lovlarni kamaytirishni so‘ragandi.