Toshkent shahrida 2023-yil yakuniga qadar jami 250 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga chaqiruv tugmali svetoforlar o‘rnatiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, Toshkent shahrida piyodalar uchun xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratish hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida, 2023-yil 21-oktabrdan boshlab Toshkent shahrida piyodalar uchun xavfsiz yo‘l infratuzilmasini yaratish bo‘yicha “Zarbdor ikki oylik” tadbiri boshlangan.

2023-yilning yakuniga qadar Toshkent shahridagi jami 250 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylariga chaqiruv tugmali svetoforlar o‘rnatilishi belgilangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining har bir tumanida alohida 12 ta mobil brigadalar tashkil etilib, jami 146 nafar xodim va ishchi-xizmatchilar jalb etildi.

Tadbir davomida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va kunlik tahlilini yuritish maqsadida, Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida “Tezkor shtab” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2023-yilning 31-oktabr kuni holatiga mobil brigadalar tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi o‘rnatilishi belgilangan barcha 250 ta svetofor obyektlarining joylashuvi to‘liq o‘rganib chiqildi. Tadbir boshidan:

  • 136 ta svetofor obyektlarida svetofor ustunlari uchun chuqurlar tayyorlandi hamda kommunikatsiya va aloqa kabellarini joylashtirish uchun qazish ishlari amalga oshirildi;
  • 93 ta svetofor obyektlarida svetofor ustunlarini o‘ranatish uchun beton quyilib, tayyor xolatga keltirildi;
  • 26 ta obyektda svetofor ustunlari o‘rnatilib transport va piyodalar svetoforlari o‘rnatildi, hamda kommunikatsiya va aloqa kabellari ulandi;
  • 10 ta obyektda svetofor kallaklari o‘rnatildi;
  • 7 ta piyodalar o‘tish joyidan trotuarga chiqish joyi tashkil etildi;
  • 142 ta piyodalar o‘tish joylardagi yetishmaydigan yo‘l belgilar o‘rnatilmoqda;
  • Barcha o‘chib ketgan piyodalar o‘tish joylaridagi yotiq chiziqlarni qayta tiqlash ishlari olib borilmoqda.

17-oktabr kunidan boshlab respublika bo‘ylab piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini oldini olish borasida “Diqqat piyoda” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Tadbir boshidan 31-oktabr kuniga qadar 10 644 nafar qoidabuzar piyodalar aniqlandi. Ular tomonidan yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish, yo‘lning qatnov qismidan mast holda harakatlanish, piyodalar o‘tish joyidan harakatlanayotgan vaqtda telefon va quloqchinlardan foydalanish, velosipedda harakatlanish qoidalarini buzish holatlari aniqlanib, qoidabuzarlarga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rildi. 1422 nafar haydovchilarga nisbatan esa piyodalarga yo‘l bermaganligi uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida 2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy bo‘lishi belgilangan.