2-noyabr kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Uchrashuvda Fransiya prezidentining O‘zbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni karrasiga oshgani, joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshgani qayd etildi. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Muzokaralarda “yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

“Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish”da hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, “O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani” uchun Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishi e’lon qilindi. Toshkent shahrida esa O‘zbekiston-Fransiya oliy ta’lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Avvalroq Samarqanddagi Kongress markazida Emmanuel Makronni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev u bilan ko‘rishib, hamkasbini “qadrli do‘st” deya atagan.