Xitoy va AQSh kelasi haftada qurol-yarog‘ nazorati va yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish niyatida, deb yozmoqda The Wall Street Journal (WSJ) Amerika rasmiylariga tayanib.

Bu Barak Obama AQSh prezidentligi davridan beri Pekin bilan birinchi bunday muzokaralar, deya aniqlik kiritadi nashr. Gazetaning suhbatdoshlariga ko‘ra, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munozara har ikki tomonning yadro qurolidan foydalanishga cheklovlar o‘rnatish bo‘yicha rasmiy muzokaralar boshlanishini anglatmaydi.

WSJ`ning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoy bilan “beqarorlashtiruvchi uch tomonlama qurollanish poygasi”ning oldini olishga intilmoqda. Muzokaralar amerikalik rasmiylarga xitoylik hamkasblaridan Pekinning yadroviy doktrinasi hamda o‘nlab yillar davomida Vashington va Moskvanikidan kichikroq bo‘lgan yadro arsenalini ko‘paytirgani borasida so‘rab ko‘rish imkonini beradi, deya ta’kidlaydi gazeta.

Pentagonning ma’lum qilishicha, may oyi holatiga ko‘ra, Xitoyda 500 dan ortiq operatsion yadro kallaklari mavjud va 2030-yilga borib o‘z zaxiralarini 1000 tagacha oshirishi mumkin, keyin esa 2035-yilgacha o‘z zaxiralarini ko‘paytirishda davom etadi. Shundan so‘ng Xitoy yadro kallaklarini sonini 1550 tadan oshirmaslik majburiyatini olgan Rossiya va Qo‘shma Shtatlar bilan qariyb teng hajmdagi yadroviy arsenalga ega bo‘ladi.

Maslahatlashuvlar AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpinning San-Frantsiskodagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitidagi uchrashuvi oldidan bo‘lib o‘tadi, deb yozmoqda Time. Bo‘lajak muzokaralar AQSh va Xitoy Tayvan, savdo va boshqa masalalar bo‘yicha keskinlik tufayli uzilib qolgan aloqalarni bosqichma-bosqich tiklayotganidan darak bermoqda.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda yadro qurolidan foydalanish xavfi sovuq urush davridan beri eng yuqori darajaga yetgan. Mutaxassislarning fikricha, barcha to‘qqiz yadroviy davlat (AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya) yadro arsenallarini modernizatsiya qilmoqda va yaqin o‘n yil ichida jangovar kallaklar sonini ko‘paytirish niyatida.