Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1−2-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Ularda O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

“Savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumi ishida ham ishtirok etadi.

Sammit yakunida bir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar hamda savdo-investitsiyaviy kelishuvlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.