O‘zbekistonda 1-noyabrdan mahalliy poyezd chipta narxlari oshirildi. “O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi saytida chiptalar narxlari o‘zgargan holda sotila boshlandi. Ushbu ma’lumotni “Gazeta.uz” muxbiri bilan gaplashgan kompaniya sotuv bo‘limi operatori tasdiqladi.

Qayd etilishicha, mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxi 60 foizga oshirildi.

Xususan, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari:

Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida:

  • VIP 530 000 so‘m;
  • Biznes 385 000 so‘m;
  • Ekonom 280 000 so‘m.

Toshkent — Qarshi — Toshkent yo‘nalishida

  • VIP 455 000 so‘m;
  • Biznes 325 000 so‘m;
  • Ekonom 235 000 so‘m.

Toshkent — Samarqand — Toshkent yo‘nalishida

  • VIP 330 000 so‘m;
  • Biznes 230 000 so‘m;
  • Ekonom 170 000 so‘m etib belgilandi.

Misol uchun, Toshkent-Qarshi yo‘nalishida harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining ekonom klass bileti uchun chipta shu paytga qadar 144 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, joriy etilgan yangi narxlarga ko‘ra, u 235 ming so‘mdan sotilmoqda.

Xuddi shu yo‘nalishda harakatlanuvchi “Sharq” poyezdining ekonom klass toifasidagi (o‘rindiqli) chiptalari bugungacha 92 mingdan sotilgan bo‘lsa, endi uning narxi 132 180 so‘m etib belgilandi.

Avvalroq “O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi mahalliy poyezdlar chipta narxlari 20-oktabrdan ko‘tarilishini aytgandi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 100 foizga oshirilishi kerak edi.

Biroq o‘sha kunga kelib, temiryo‘l chiptalari narxi oshmaydigan bo‘lgan. “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot kotibi Alisher Boltaboyev ayni vaqt tashkilot stavkalarni qayta ko‘rib chiqayotgani, jarayonda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning qatnov narxlari 2 barobarga oshirilmasligi ham mumkinligini bildirgandi.