Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PQ-353-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan:

  • fuqarolarga pensiya tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra DXM yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali ham murojaat qilish huquqi beriladi;
  • fuqarolar pensiya tayinlanganidan so‘ng shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larini YAIDXP yoki AT “Xalq banki”ning mobil ilovasi orqali olishi mumkin bo‘ladi.

Bunda, Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni olish huquqini beruvchi sertifikat berish tartibi bekor qilinadi.

2025-yil 1-martdan fuqarolarga yoshga doir pensiyalarni “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi.

Bunda, yoshga doir pensiyalar Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma’lumotlariga asosan hisoblanadi va tayinlanadi.

Fuqarolarga pensiya yoshiga yetib mehnat faoliyatini davom ettirgan holda keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirganida proaktiv shaklda tayinlangan pensiyani rad qilish huquqi beriladi.

2025-yil 1-martgacha fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki pensiya miqdoriga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish yuzasidan fuqaroning mobil aloqa vositasiga SMS-xabar yuborish tartibi joriy etiladi.