Toshkentda 29-oktabr kuni Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ruxsat etilmagan mitingda qatnashgani uchun uch kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi. “Gazeta.uz” buni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarorlarini o‘rganib chiqib, aniqladi.

Aksiyaga chaqiruvlar ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kun avval paydo bo‘lgani haqida xabar bergandik. Faollar Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitingi uchun qilingan bannerdan ko‘chirilgan banner tayyorlagan.

Bannerda Amir Temur haykali va uning atrofida yig‘ilgan, qo‘llariga O‘zbekiston va Falastin bayroqlarini ko‘tarib olgan ko‘plab odamlar tasvirlangan. Unda vaqt va joy ham ko‘rsatilgan edi: 14:00, Amir Temur xiyoboni. Bannerning pastki qismida “Falastin bilan yelkama-yelka”, “15 sutka meni qo‘rqitmaydi” va “Ko‘pchilik bo‘lsak, bizni eshitishadi” degan yozuvlar bor edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining 30-oktabrdagi qarorlari bilan uch nafar shaxs — Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan F.O. va B.I. (2001-yil), shuningdek, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan M.X. (1997-yilda tug‘ilgan)ga nisbatan ma’muriy javobgarlik tayinlangan.

Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) va 201-moddaning 1-qismi (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Hujjatga ko‘ra, 29-oktabr kuni Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan noqonuniy miting haqidagi ma’lumotlar Telegram`dagi ochiq guruhda e’lon qilingan. Sud jarayonida so‘zga chiqqan F.O. ushbu postlarni o‘qib chiqqanini va aksiyada ishtirok etish uchun Ohangaron tumanidan Toshkentga kelganini tan olgan. Huquq-tartibot idoralari uni mitingda qatnashayotgan vaqtida qo‘lga olib, shaxsini aniqlash va profilaktik suhbat o‘tkazish uchun ichki ishlar bo‘limi binosiga olib borgan.

U qilmishidan afsusda ekanini aytib, bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘radi.

Yana ikki shaxs ham Telegram guruhidagi postlarni o‘qib, noqonuniy mitingda qatnashganini ma’lum qilgan.

Sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 201-moddaning 1-qismini (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) to‘g‘ri kvalifikatsiyalangan deb topdi, 195-modda (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)ni esa istisno qildi.

Ularning uchalasiga ham 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

“Gazeta.uz” manbalari 100 dan ortiq odam hibsga olingani haqida xabar berdi. Aksiyada ishtirok etish uchun nafaqat shahar aholisi borgan, balki qo‘shni viloyatlardan ham poytaxt markaziga yetib kelishgan.