G‘azo sektori bolalar qabristoniga aylandi, shu kungacha Falastin anklavida halok bo‘lgan voyaga yetmaganlar soni 3,4 mingdan oshdi. Bu haqda Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) rasmiy vakili Jeyms Elder ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

“G‘azo bolalar qabristoniga aylandi”, — dedi u. Elderning aytishicha, G‘azo SSVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, anklavda 3450 dan ortiq bola halok bo‘lgan. U Isroil hukumatini zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va insonparvarlik yordamining uzluksiz kelishi uchun barcha o‘tish punktlarini ochishga chaqirganini takrorladi. “Agarda 72 soat davomida o‘t ochishni to‘xtata olganimizda edi, bu 1000 nafar bolani yana xavfsiz holatga keltirish imkonini berardi”, — dedi UNICEF vakili.

Elderning ta’kidlashicha, bolalar hayotiga tahdid “bomba va minomyotlar bilan cheklanmaydi”. Suvsizlanishdan chaqaloqlar o‘limi anklavda “o‘sib borayotgan tahdid” bo‘lib, G‘azoda suv ishlab chiqarish unga bo‘lgan talabning 5 foizini tashkil qiladi. Buning sababi shundaki, ko‘pchilik tuzsizlantirish qurilmalari shikastlangani yoki yoqilg‘i yetishmasligi sababli ishlamayapti.

Avvalroq Al Jazeera telekanali anklav Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, G‘azo sektorida Yaqin Sharqda mojaro avj olganidan buyon halok bo‘lganlar soni 8525 nafarga yetganini ma’lum qilgandi.