O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar o‘tkazish uchun 29−30-oktabr kunlari Kobulda bo‘ldi, deya xabar qildi Afg‘oniston sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

afg‘onистон, жамшид ходжаеv

Delegatsiya tarkibidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, transport vaziri Ilhom Maxkamov, suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev, konchilik va geologiya vaziri Bobir Islomov, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va boshqalar, shuningdek, 45 nafar biznes vakillari o‘rin oldi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad o‘zaro savdoni rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi tranzit masalalarini hal etish, shuningdek, Kobul shahrida savdo ko‘rgazmasini ochishdan iborat bo‘ldi.

TOLOnews xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Afg‘oniston muvaqqat hukumatining bir qancha rasmiylari, jumladan, bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari v. b. Mulla Abdul G‘ani Baradar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar temir yo‘l, transport, tog‘-kon sanoati, suv resurslarini boshqarish va afg‘on yoshlari uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish kabi sohalardagi hamkorlikni muhokama qildilar.

“Arg” saroyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xodjayev Afg‘onistonga tinchlik va barqarorlikni tilab, buning mintaqa uchun muhim ekanini ta’kidladi. U O‘zbekiston Afg‘oniston bilan tranzit, savdo va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilishiga va’da berdi.

Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari devoniga ko‘ra, Baradar afg‘on yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun yuqori to‘lovlar masalasini ko‘tarib, ularni kamaytirishni so‘ragan. U, shuningdek, O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan savdoda muvozanatli balansga ega bo‘lishi uchun maxsus imtiyozli savdo tariflarini joriy etish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Jamshid Xodjayev Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksportini oshirish va ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yiliga taxminan 3 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan savdo yo‘l xaritasini taqdim etdi.

Hisobotda O‘zbekiston afg‘on tadbirkorlari va haydovchilari uchun viza olish tartibini soddalashtirgani ham qayd etilgan. Bundan tashqari, Toshkentda Afg‘oniston mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazish, Termizda yirik biznes markazi ochish rejalashtirilgan.

Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri v. b. Nuriddin Aziziy Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 600 mln dollardan 3 mlrd dollarga oshirish maqsadida kelasi oydan boshlab Hayraton porti kechayu kunduz va haftada yetti kun ishlashini ma’lum qildi.

Aziziy Afg‘oniston O‘zbekistondan kimyo mahsulotlari, bug‘doy, qishloq xo‘jaligi texnikasi va boshqa tovarlarni import qilishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijasida tomonlar qariyb 1,2 mlrd dollarlik eksport-import shartnomalarini imzoladi, deb yozmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Kosimov “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi yil oxirigacha Afg‘onistonga tashrif buyurib, Amudaryodan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi.