Toshkentda yakshanba kuni Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ruxsat etilmagan aksiya o‘tkazish va unda qatnashishni rejalashtirgan fuqarolar javobgarlikka tortildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga huquq-tartibot idoralaridagi manbalar.

Aksiyaga chaqiruvlar bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan edi. Faollar Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash mitingi uchun qilingan bannerdan ko‘chirilgan banner tayyorlagan.

Bannerda Amir Temur haykali va uning atrofida yig‘ilgan, qo‘llariga O‘zbekiston va Falastin bayroqlarini ko‘tarib olgan ko‘plab odamlar tasvirlangan. Unda vaqt va joy ham ko‘rsatilgan edi: 14:00, Amir Temur xiyoboni. Bannerning pastki qismida “Falastin bilan yelkama-yelka”, “15 sutka meni qo‘rqitmaydi” va “Ko‘pchilik bo‘lsak, bizni eshitishadi” degan yozuvlar bor edi.

Manbalarga ko‘ra, aksiyada ishtirok etish uchun nafaqat shahar aholisi, balki qo‘shni viloyatlardan ham poytaxt markaziga odamlar kelgan. Ular maydonda guruh bo‘lib yig‘ilib, jami 100 dan ortiq odam ishtirok etgan.

Huquq-tartibot idoralari rejalashtirilgan yig‘ilishdan xabardor bo‘lgan. Maydon va uning atrofida ichki ishlar bo‘limi va Milliy gvardiya xodimlari ko‘rinish bergan, ushbu organlarning avtomobillari va avtobuslari to‘xtab turgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari 100 dan ortiq odamni ichki ishlar bo‘limlariga olib borib, suhbat o‘tkazdi va aksariyatini qo‘yib yubordi. Ularning ayrimlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (“Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar tuzilib, materiallar sudga taqdim etilgan.

Manbaning ta’kidlashicha, qandaydir jiddiy hodisa ro‘y bermagan. IIBga olib borilganlar suhbat davomida falastinliklarga yordam berish uchun kelgani, ammo bu harakat qanday yordam berishi mumkinligini tushunmaganini aytgan. Ayrimlar Yaqin Sharqdagi mojaroning mohiyatidan bexabar ekanini tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik tadbir tashkilotchisi tomonidan ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lib, eng ko‘pi 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.