O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi ta’mirdan chiqqan 12-sonli maktabdagi sharoit bilan tanishar ekan, maktablarda ta’mirlash-qurilish ishlariga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz” so‘roviga javoban ma’lum qildi.

Avvalroq xabar qilganimizdek, maktabning ahvoli “raqamlashtirish jarayoni hali yetib kelmagani va hammasi eski uslubda ekani” sababli davlat rahbarini qoniqtirmadi. U bunday sharoitda hozirgi yoshlarni bilim olishga qiziqtirib bo‘lmasligini aytdi.

Prezident maktabni ta’mirlashni amalga oshirgan tashkilotlarni tanqid ostiga oldi, shuningdek, derazalar kattaligiga e’tibor qaratdi va ta’lim muassasalarida qo‘llaniladigan qurilish me’yorlariga rioya qilish masalasini ko‘tardi.

U maktab qurilishi standartlarini infratuzilma, funksionallik va energiya samaradorligi bilan bog‘liq mezonlarni o‘z ichiga olgan holda yangilashni buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev maktablarda ta’mirlash-qurilish ishlariga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish vazifasini qo‘ydi.

“Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga umumiy qurilish-ta’mirlash jarayoni ustidan nazorat o‘rnatish, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga mablag‘larning sarflanishi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi. Tuman hokimlariga har chorakda maktablar, har oyda tibbiyot muassasalariga borish topshirildi”, — dedi Sherzod Asadov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi markaziy poliklinikasiga kiraverishda tartibsiz bozor tashkil etilgan bo‘lib, u yerda sanitariya me’yorlariga rioya etilmaydi, shifoxonadagi yaqinlarini ko‘rishga kelganlar esa shu yerdan tovarlarni sotib olishmoqda.

“Prezident hokimdan qachondir shu yerga kelib, mana bu chang-to‘zon, antisanitariyani ko‘rganmiding, deb so‘radi. Negaki, hozirda hokimlar paxta, g‘alla kabi qishloq xo‘jaligi masalalari bilan deyarli shug‘ullanmayapti. Prezident hokimlarda bunday muammolar ortiq bo‘lmasligini, endi eng asosiysi — ijtimoiy masalalarni hal qilish ekanligini aytdi”, — dedi davlat rahbari matbuot kotibi.

Prezident turli ijtimoiy obyektlarga tashrif buyurar ekan, o‘z misolida rahbarlar ham “pastga tushib, ishlarning haqiqiy ahvolini ko‘rishi” kerakligini ko‘rsatmoqda, deya qayd etdi Sherzod Asadov.