O‘zbekiston Markaziy bankining iyul-sentabr oylarida qariyb 2 mlrd dollarlik valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi, deyiladi regulyator hisobotida.

Uchinchi chorakda Markaziy bank 19,5 trln so‘mga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizga ko‘p (16,3 trln so‘m) monetar oltin sotib oldi. Regulyator ikkinchi chorakda (aprel-iyun) ham shuncha miqdorda oltin sotib olgan edi.

Shu bilan birga, iyul-sentabr oylarida 22,8 trln so‘mlik (1,9 mlrd dollar) intervensiyalar amalga oshirildi, bu ikkinchi chorakdagiga nisbatan 18 foizga kam (28 trln so‘m yoki 2,4 mlrd dollar). O‘tgan yilning shu davri uchun ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Bunda, sof intervensiyalar choraklik qimmatbaho metallar xarididan biroz (300 mln dollarga) yuqori bo‘lib, oldingi davrlarda
ichki valyuta bozorida taklif hajmining yetarli bo‘lganligi sababli sotish imkoniyati bo‘lmagan xorijiy valyutaning “neytrallik
tamoyili” doirasida intervensiya qilinishi sifatida baholash mumkin, deyiladi sharhda.

Markaziy bank to‘rtinchi chorakda (oktabr-dekabr) ichki valyuta bozoriga intervensiyalarning “oltin-valyuta zaxiralari neytralligi” tamoyili asosida amalga oshirilishini kutmoqda. Bunda, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ishlatiladigan xorijiy valyuta mablag‘lari ham neytrallik tamoyili bajarilishini prognoz qilishda hisobga olingan.

O‘tgan chorakda milliy valyuta dollarga nisbatan keskin — qariyb 6 foizga qadrsizlandi. Devalvatsiyaning asosiy qismi avgust oyining o‘rtalarida sodir bo‘ldi, o‘shanda so‘m bir kunda 400 so‘mga pasayib, bir dollar uchun 12 ming so‘m chegarasidan o‘tib ketdi.

Markaziy bankning oltin sotib olishi va valyuta intervensiyalari o‘rtasidagi bog‘liqlik

Markaziy bank ichki valyuta bozorida intervensiyani iqtisodiyotga chiqarilgan qo‘shimcha pullarni qaytarib olish yoki “sterilizatsiya” qilish maqsadida amalga oshiradi. Ya’ni, oltin sotib olish uchun regulyator so‘mlarni bosib chiqaradi, so‘ngra qimmatbaho metalni ishlab chiqaruvchilardan sotib olib, uni chet elga sotadi va valyuta oladi. Valyuta esa ichki valyuta bozoriga jo‘natiladi, banklar dollarni so‘mga sotib oladilar va shu tariqa qo‘shimcha muomalaga chiqarilgan so‘mlar qaytarib olinadi.

“Ortiqcha” likvidlikni olib qo‘yish inflyatsiya bosimining haddan tashqari o‘sishi va makroiqtisodiy nomutanosibliklarning paydo bo‘lishining oldini olishda zarur chora hisoblanadi. Aks holda, pul massasi avtomat ravishda sotib olingan oltin qiymatiga qo‘shimcha ravishda oshadi, bu esa inflyatsiyaning tezlashishiga olib keladi.

Markaziy bank valyuta intervensiyalarini oltin-valyuta zaxiralarining “betarafligi” tamoyili asosida amalga oshirishini ma’lum qilmoqda. Bu tamoyil Markaziy bankning xorijiy valyutani sof sotish hajmini yil davomida sotib olingan monetar oltin doirasida ushlab turishini, ya’ni regulyator valyutani sotib olingan oltindan pastroq miqdorda sotishga harakat qilishini nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, Markaziy bank ichki valyuta bozorida operatsiyalarni amalga oshirishda oltin-valyuta zaxiralarini to‘plash yoki ulardan foydalanish maqsadini ko‘zlamay, balki pul massasining haddan tashqari o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik tamoyilidan kelib chiqadi.

Ko‘pgina mamlakatlarda oltin ishlab chiqaruvchilar qimmatbaho metalni markaziy bank ishtirokisiz eksport qiladi. Bu regulyatorning valyuta operatsiyalarida ishtirok etish zaruriyatini bartaraf etadi, chunki ishlab chiqaruvchilarning oltinni sotishdan tushgan mablag‘lari mustaqil ravishda ishlab chiqarish yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladi yoki ichki valyuta bozorida sotiladi.