29-oktabr kuni tunda Dog‘iston poytaxti Maxachqal’adagi aeroportda Isroildan kelgan reyslardan so‘ng, “yahudiylarni respublikadan chiqarib yuborishni talab qilib”, olomon to‘plandi. Ushbu holat aks etgan video va suratlarni Baza Telegram kanali e’lon qildi.

Dog‘istonliklar aeroportdan chiqqan yo‘lovchilarning pasportlarini tekshirib, Isroildan uchib kelgan odamlarni qidirgan. Keyinchalik to‘plangan odamlar aeroportga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ular samolyotdan tushgan odamlar bilan suhbatlashib, pasportlarini ko‘rsatishni talab qilgan.

Astra Telegram kanalida e’lon qilingan videoda dog‘istonliklar bir erkakni Isroil fuqarosi ekanini gumon qilib so‘roq qilayotgani aks etgan. Erkak asli o‘zbekistonlik ekani, lekin o‘zbek tilida gapira olmasligini aytib, odamlardan pasportini qaytarib berishini so‘ragan.

Rasmiylar munosabati

Voqealar fonida Rosaviatsiya Maxachqal’a aeroporti uchish va jo‘nab ketish uchun vaqtincha yopilganini e’lon qildi.

“Choralar vaziyat normallashgunga qadar amal qiladi. Voqea joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb qilingan. Maxachqal’aga qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyotlar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi”, — deyiladi Rosaviatsiya xabarida.

Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi voqea ishtirokchilarini provokatsiyaga berilmaslikka chaqirdi.

“Biz provokatsion da’vatlarga berilmaslikka, yagona vatanimiz — Rossiyaga nisbatan insonparvarlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini asrashga chaqiramiz. Odamlarni millati va diniga qarab ta’qib qilishga qaratilgan har qanday chaqiriq va harakatlar jinoyat hisoblanadi. Xotirjamlikni saqlang va „Alloh sabrlilar bilan birga“ ekanligini unutmang”, — deyiladi diniy boshqarma bayonotida.

Boshqarmasi prezidiumi federal va mahalliy hokimiyat organlarini hodisalarga zudlik bilan javob berishga chaqirdi.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov “Maxachqal’a aeroportida yig‘ilganlarning qilmishlari qo‘pol qonun buzilishi” ekanini aytdi o‘z Telegram kanalida.

“Bugun Maxachqal’a aeroportida yig‘ilganlarning qilmishlari qo‘pol qonun buzilishidir! Taqiqlangan biror narsa qilmagan qurolsiz odamlarni olomon ichida kutishda jasorat yo‘q. Notanishlarga so‘kinish, cho‘ntagiga qo‘l solib, pasportini tekshirib ko‘rishda sharaf yo‘q! Xorijda davolanayotgan bolali ayollarni nishonga olishda yaxshi niyat yo‘q”.

Melikov voqeaga huquqiy baho berilishini ma’lum qildi.

“Barcha dog‘istonliklar Falastinda tinchlik bo‘lishini so‘raydilar. Ammo bizning aeroportimizda sodir bo‘lgan voqea juda g‘alati va huquqni muhofaza qilish organlaridan tegishli baho berishi zarur. Va bu albatta amalga oshadi” — deb yozdi respublika rahbari.

Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, tartibsizliklarda jabrlanganlarning ikki nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Ma’lumotlariga ko‘ra, jami 20 dan ortiq kishi jarohat olgan: 10 nafari shifoxonalarda, qolganlari yengil jarohatlar bilan ambulator sharoitda davolanmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Dog‘iston bo‘yicha tergov bo‘limi Maxachqal’a aeroportidagi holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 212-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ushbu modda sakkiz yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi.

Rossiya ichki ishlar vazirligi, o‘z navbatida, aeroportda videokuzatuv kameralari bo‘lganligi sababli tartibsizlikda qatnashgan barcha ishtirokchilarning shaxsini aniqlash imkoni borligini ma’lum qildi.