Surxondaryoda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari chegara qo‘shinlari bilan birga Tojikistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalarni musodara qildi. Bu haqda DXXning Telegram kanalida xabar berildi.

Aniqlanishicha, o‘zbek-tojik davlat chegarasining Sariosiyo tumani Chashma qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida 4 dona ryukzakda 39 kg 409 gr “geroin”, 35 kg 745 gr “opiy” va 14 kg 545 gr “gashish” moddalari topilgan. Uning egasi hozircha ma’lum emas. Ryukzaklar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda holat yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Ushbu umumiy og‘irligi 89 kg 699 gr bo‘lgan giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.