O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qarag‘anda viloyatidagi konda ro‘y bergan avariyaning fojiali oqibatlari munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi.

Kon ichida qolayotgan konchilar tez fursatda qutqarilishiga umid bildirildi, hodisa oqibatlarini bartaraf etishda mamlakatimiz zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.

“Ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko ko‘mir konida 28-oktabr kuni ertalab avariya yuz berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida kamida 32 nafar konchi halok bo‘lgan.

29-oktabr Qozog‘istonda halokat qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilindi.