O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida BAA, Jazoir, Iordaniya, Kuvayt, Misr, Qatar, Falastin, Saudiya Arabistoni va Isroilning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov xabar berdi.

Vazirning qayd etishicha, “boshqa masalalar qatorida G‘azo sektoridagi mavjud vaziyat” yuzasidan ham fikr almashilgan.

“Biz yana bir bor barcha tomonlarni tinch aholi orasida minglab insonlar, jumladan, bolalar qurbon bo‘layotgan qurolli mojaroni to‘xtatishga, yechim topish uchun faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquq me’yorlaridan foydalanishga chaqiramiz”, — deyiladi bayonotda.

Avvalroq ham O‘zbekiston TIV Falastin-Isroil mojarosi tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgani va Yaqin Sharqdagi vaziyatni murakkablashtirganidan jiddiy xavotir bildirgandi. Mamlakat tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatda tugatish va inqirozni diplomatik vositalar orqali hal qilishga chaqirgan.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7-oktabrda boshlangan HAMAS hujumlari oqibatida mamlakatning 1400 nafar aholisi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi garovga olingan, deb yozmoqda Meduza.

HAMASga ko‘ra, G‘azo sektorida qariyb uch hafta davom etgan zarbalardan 7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.