Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi to‘rtta qonun muhokama qilindi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilda Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida 1291 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 7560 taga, 2022-yilda 7987 taga yetgan. Yoki 2022-yilda Oliy sudning birgina jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining bir oylik o‘rtacha ish hajmi 89 tani tashkil qilgan.

Statistik ma’lumotlar sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasining ortganini ko‘rsatmoqda. Ushbu holatlar sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasining norma darajasidan ortishiga olib kelib, ishlarning ko‘rish sifatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Buning oqibatida shikoyatdagi vajlar atroflicha tekshirilmay, ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmasdan, sud qarori bekor qilinib, quyi sudlarga yuborish holatlari ko‘payishiga olib kelmoqda.

Yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish maqsadida muhokamadagi ushbu qonunlar ishlab chiqilgan bo‘lib, qonunlar bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy-protsessual kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga hamda Fuqarolik-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Birinchidan, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda.

Ikkinchidan, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazilmoqda. Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra kassatsiya tartibida sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish vakolati hozirda Oliy sud vakolatiga tegishli hisoblanadi.

Uchinchidan, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Iqtisodiy-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi hamda Fuqarolik-protsessual kodekslariga taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil (yangi bob bilan) yoritib berilmoqda.

To‘rtinchidan, yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda.

Beshinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha chiqarilgan qarorlar bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini berish muddati uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda uzog‘i bilan uch oy ekanligi belgilanmoqda.

“Mazkur qonunlarning maqsadi va ahamiyati odil sudlovning tayanch prinsiplari — qonuniylik, asoslilik va adolatlilik talablarini ta’minlashga qaratilgan. Afsuski, fuqarolarimiz adolat izlab sudma-sud ovora bo‘layotgan holatlar ko‘p. Jumladan, parlamentga ham aynan sud nizolari bilan bog‘liq ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Albatta, protsessual tartiblarni o‘zgartirish, takomillashtirish juda muhim, biroq bu bilan muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Yondashuv, sifat va mazmun o‘zgarishi kerak. Bunda asosiy ma’suliyat Oliy sud, sudyalik hamjamiyati organlari zimmasidadir”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.