Senatning qirq oltinchi yalpi majlisi 27-oktabr kuni chaqiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“Probatsiya to‘g‘risida”gi, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi to‘rtta qonun shular jumlasidan.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi va “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yalpi majlisda “Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Anqara, 2023-yil 16-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.