World Justice Project (WJP) xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan qonun ustuvorligining navbatdagi yillik reytingida O‘zbekiston 142 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi. Mamlakat o‘tgan yilgi reytingda xuddi shu o‘rinni egallagan, ammo unda reytingda 140 ta davlat qamrab olingandi.

100 balldan 50 ball to‘plagan O‘zbekiston Shri-Lanka (77-o‘rin) va Hindiston (79-o‘rin) orasida joylashgan.

Reytingga kiritilgan MDH davlatlaridan eng yuqori o‘rinni Qozog‘iston (65-o‘rin), eng pastini esa Rossiya (113-o‘rin) egalladi. Qirg‘iziston 103-o‘rinda, Belarus esa 104-o‘ringa joylashdi.

Ro‘yxatning kuchli beshligidan Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya joy olgan. Oxirgi o‘rinlarni Venesuela, Kambodja, Afg‘oniston, Gaiti va Kongo Demokratik Respublikasi egallagan.

WJP reytingi fuqarolar, huquqshunoslar va yuridik sohasidagi ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida tuziladi. Qonun ustuvorligini o‘lchash uchun sakkizta omil qo‘llaniladi: davlat vakolatlarining cheklanishi, korrupsiya darajasi, hukumatning ochiqligi, fuqarolarning asosiy huquqlariga rioya qilish, tartib va xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish, fuqarolik va jinoiy ishlari.

Reyting mualliflarining qayd etishicha, qonun ustuvorligi jahon miqyosida ketma-ket yettinchi yil pasaymoqda. 2016-yil bilan taqqoslaganda, retsessiya mamlakatlarning 78 foizini qamrab oldi. Reyting tuzuvchilarning fikricha, qonun ustuvorligining zaiflashuvining ikkita asosiy sababi avtoritarizmning kuchayishi va sud tizimining zaifligidir.

“Dunyo ijroiya organlarining suiiste’mol qilinishi, inson huquqlarining yemirilishi va odamlarning ehtiyojlarini qondira olmaydigan cheklangan adliya tizimlari bilan tavsiflangan qonun ustuvorligining tanazzuliga uchragan. Butun dunyodagi odamlar buni uchun jabr chekmoqda”, — dedi WJP hammuassisi va prezidenti Uilyam Nyukomb.

*Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududidagi quyidagi mamlakatlari tadqiqotda qamrab olingan: Albaniya, Belarus, Bosniya va Gertsegovina, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kosovo, Moldova, Rossiya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina.

*O‘zbekiston o‘rtachadan past darajada bo‘lgan davlat va yurisdiksiya sifatida tasniflanadi. Ushbu guruhga quyidagi 37 ta davlat kiradi: Jazoir, Angola, Bangladesh, Benin, Boliviya, Vetnam, Gaiti, Gana, Gonduras, Misr, Zimbabve, Hindiston, Indoneziya, Eron, Kambodja, Kamerun, Keniya, Kongo, Kot-d'Ivuar, Qirg‘iziston, Livan , Mavritaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Myanma, Nepal, Nigeriya, Nikaragua, Pokiston, Salvador, Senegal, Tanzaniya, Tunis, O‘zbekiston, Ukraina, Filippin, Shri-Lanka.