20-oktabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida UNWTO hamkorligidagi tematik ofis hamda Xalqaro turizm akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ochilish marosimlarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili, tashkilotga a’zo davlatlar vazirlari va delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etgan.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, tematik ofis UNWTO hamkorligida “Ipak yo‘li” xalqaro brendi loyihalari, tashabbuslari va tadqiqotlarini birlashtirish maqsadida tashkil etilgan. U turizm sohasidagi tashkilotlar va ekspertlar faoliyatini baholash va tavsiyalar berish uchun muvofiqlashtirishga mo‘ljallangan.

“Ofis UNWTO`ning 1-toifali ofisi hisoblanadi, uning boshqaruv siyosatiga mos keladi va tashkilotning ish hamda budjet dasturining ajralmas qismidir. Uning ochilishi mamlakatning Ipak yo‘li mamlakatlari orasida sayyohlik bozorida yetakchi o‘rinni egallashi va sohani innovatsion rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni jalb etishi uchun zamin yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Bino Samarqand shahridagi “Bobur Mirzo” ko‘chasida joylashgan.

Xalqaro turizm akademiyasining ochilishida esa Zurab Pololikashvili turizm vazirlari va turizm boshqarmalari rahbarlarini muassasa faoliyatini tashkil etish va o‘quv jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

“Akademiyani ochish tashabbusi ilgari surilganidan 9 oy o‘tib ochilishda qatnashayotganimdan xursandman. Dastlab, bunga ishonolmadim, chunki Bosh assambleya boshlanishiga oz vaqt qolgandi. Ammo Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning sa’y-harakatlari bugun tashkilotga a’zo mamlakatlar turizm vazirlari ishtirok etayotgan akademiyaning ochilishini o‘tkazish imkonini berdi. Bu nafaqat UNWTO yoki Samarqand uchun, balki umuman turizm uchun ham muhim qadamdir”, — dedi u.

Akademiyaning o‘quv dasturi Shveysariya mehmondo‘stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi.

“Tamomlagandan so‘ng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so‘ng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o‘tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston akademiyaga o‘quv dasturlarini mahalliy sharoitga ko‘paytirish va moslashtirish, ToT (trenerlarga trening o‘tish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish) dasturlari orqali mentorlar tayyorlashga ko‘maklashish, loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda ko‘maklashadi. Talabalarni ishga joylashtirish, dasturlarni takomillashtirish va moslashtirish, talabalar reytingini baholash, targ‘ibot ishlari dasturlarni targ‘ib qilish va boshqalarda yordam beradi.