Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 9 kilogrammga yaqin giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasining oldi olindi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida salonida jami 6 bo‘lakda 3 kg 982 gr opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan. Ular protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxs Tojikistondan keltirilgan moddani Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olgani ma’lum bo‘lgan. Hazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun mo‘ljallangan yaan 1 kg 952 opiy moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtlarida yana 2 nafar hazorasplik shaxs ushlangan.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1973 va 1975-yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr opiy moddasini 50 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida harakatlanayotgan Nexia avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshirilganida, undagi yo‘lovchi — Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro yonida 1 kg 913 gr gashish moddasi borligi aniqlangan. U protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Gashish tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, yashirin joyga qoldirib ketilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.