Ijtimoiy tarmoqlarda biznes-trenerligi bilan tanilgan Islom Ibrohim (Islom Ibrohimov) qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi saytining qidiruvdagi shaxslar bo‘limida e’lon paydo bo‘ldi.

U Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgan.

ислом иброҳимов, тренер

Uning shaxsiy Telegram kanaliga hozirda postlar joylab borilmoqda.

“Gazeta.uz” muxbiri қидирув bo‘yicha qo‘shimcha savollarga javob olish uchun Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. Vazirlik vakili "hozircha ma’lumot shu", deya javob qaytardi.

Islom Ibrohimov 1996-yili Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. U Business Invest nomi bilan markaz ochib, tadbirkorlarga biznesni rivojlantirishni o‘rgatish bilan shug‘ullangan. YouTube`dagi sahifasi orqali turli motivatsion videolar e’lon qilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, ushbu turdagi jinoyat sudda o‘z tasdig‘ini topsa, aybdorlarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha (132 mln so‘mdan 198 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

“Subyektiv” loyihasi avvalroq biznes-trening nomi ostida sotilayotgan kurslar hamda ular orasida o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish orqali mijoz yig‘ayotganlar haqida tayyorlagan filmida Islom Ibrohimov faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tgandi. Blogerning oyiga 10 ming dollar topishni o‘rgatgani aks etgan video ommalashgan.