Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida rejadan tashqari tarzda Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Tibbiyot birlashmasining binosi o‘tgan asrning 60−70 yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemor o‘rniga va poliklinika 250 qatnovga mo‘ljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

Prezident tibbiy bo‘limlar va xonalarga kirib, asl ahvolni ko‘zdan kechirdi. Bu yerga kelgan bemorlar bilan suhbatlashdi.

“Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning 3 yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, og‘irini yengil qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yo‘ldan o‘tib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni o‘zim ko‘rib, oddiy odamlar bilan ko‘proq muloqot qilib, qaror qabul qilish — mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, ta’lim bilan tibbiyot sifatli bo‘lsa, odamlar rozi bo‘ladi. Ko‘p joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga ma’qul emas. Bugun ko‘rganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bo‘lajak majmua o‘rni va loyihasi bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu tariqa bu joy boshqa tuman shifoxonalari xodimlari uchun o‘quv-amaliyot markaziga aylanadi.

Shuningdek, tashrif chog‘ida kadrlar salohiyatini va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, shifoxona atrofini tartibga keltirish masalalari ham aytib o‘tildi.

Bundan tashqari prezident prezident Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filialini borib ko‘rdi.

2023-yil 8-sentabrda davlat rahbarining “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirilmoqda. Shuningdek, qarorda mazkur markazning 14 ta hududiy filiallari tashkil etilishi belgilangan.

Bu yerda 200 o‘rinli viloyat perinatal markazi, 200 o‘rinli shahar tug‘ruqxonasi, 50 qatnovli skrining markazi va 50 qatnovli reproduktiv markaz yagona majmuada jamlandi. Tug‘ish yoshidagi hamda homilador ayollarga tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrlarda bitta markazda ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoni yaratildi. Markaz ishga tushgach, bu yerda bir yarim ming nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.

Davlat rahbari bu yerdagi sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Germaniya, Belarus va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida shifokorlarning malakasini oshirish, markazda profilaktika va davolashning ilg‘or uslublarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kelgusida markazda yiliga 8 ming nafardan ziyod patologik tug‘ruqlarni qabul qilish imkoni yaratiladi. Bu ko‘plab onalar hayotini saqlashda muhim.

Markazda, shuningdek, kaminvaziv va laparoskopik amaliyot turlari 42 taga yetkaziladi. Tubektomiya, kistoektomiya, miomoektomiya va ventrofiksatsiya amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘smir qizlar, ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom onalikka tayyorlashdan boshlab, homiladorlikda antenatal parvarish, skrining, tug‘ruq hamda keyingi ona va bola parvarishi jarayonlari bir joyning o‘zida tashkil etiladi.

Markaz 860 dan ortiq mahalla doyalari bilan muntazam aloqada bo‘ladi. Yagona elektron baza orqali viloyatning barcha hududlaridagi homiladorlar va tug‘ish yoshidagi ayollar qamrab olinadi. O‘n yettita markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika tarkibidagi ayollar maslahatxonasi va o‘n sakkizta tug‘ruq majmuasi bilan aloqa o‘rnatiladi.

Bu orqali markaz xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yo‘naltiradi. Nikohlanuvchilar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan o‘tkazadi. Irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi.