Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatda “qonun va tartib diktaturasi”ni ta’minlashga chaqirdi va radikalizm va huquqiy nigilizmning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz siyosat olib borishga va’da berdi. Bu haqda u 24-oktabr — Respublika kuni munosabati bilan qilgan nutqida aytib o‘tdi. Nutq matnini Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati e’lon qildi.

“Davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlash uchun qonun ustuvorligini ta’minlash nihoyatda muhim… Qonunsizlik, tartibsizlik, madaniyatsizlik mamlakatni yo‘q bo‘lib ketishga yetaklaydi. Tartib bor jamiyat taraqqiy etgan bo‘ladi, bu — aksioma. Agar har bir fuqaro mamlakat qonunlarini hurmat qilsa, birdamlik, farovonlik bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, hamma narsani qonun bo‘yicha qilsak, hammasi joyida bo‘ladi”, — dedi Toqayev.

“Biz jamiyatni izchil transformatsiya qilish, demokratik tamoyillarni joriy etish yo‘lidan og‘ishmay, oldinga boryapmiz. Shu bilan birga, dunyoda siyosiy va iqtisodiy turbulentlik kuchayayotgan bir sharoitda mamlakatda qonun va tartib diktaturasini ta’minlash juda muhim”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.

U davlat radikalizm, ekstremizm, huquqiy nigilizm va maishiy vandalizmning har qanday ko‘rinishlariga toqatsiz siyosatini “qat’iy olib borishini” ta’kidladi. “Agressiya va nafrat ritorikasi, ijtimoiy me’yorlarni buzish, zo‘ravonlikka da’vatlar, fuqarolarning qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar — bularning hech biriga jamiyatimizda o‘rin bo‘lmasligi kerak”, — dedi Toqayev.

Qozog‘iston rahbari hukumat qonunga zid bo‘lgan, fuqarolarni ajratadigan va mamlakat barqarorligiga putur yetkazadigan “har qanday so‘z va harakatlarni qat’iy bostirishini” ta’kidladi.

“Bu chiziqdan o‘tganlar o‘zini ham davlatga, ham jamiyatga qarshi qo‘yadi. Buni barcha fuqarolar, ayniqsa, jamoat arboblari va „fikr yetakchilari“ deb ataladiganlar yaxshi tushunishi kerak”, — deya ogohlantirdi prezident.

Toqayev o‘z nutqida, shuningdek, Qozog‘istonda so‘nggi ikki yil ichida amalga oshirilgan islohotlar “xalqning siyosiy mentalitetini sezilarli darajada o‘zgartirganini” ta’kidladi.

“[Odamlar], ishonchim komilki, davlatning avvalgi boshqaruv usullariga qaytishiga endi yo‘l qo‘ymaydi. Islohotlar natijalari ortga qaytmaydi. Ular, albatta, davom etadi va davlatimiz qiyofasini butunlay o‘zgartiradi”, — dedi u.

Shu bilan birga, Qozog‘iston prezidenti islohotlarni amalga oshirishda, birinchi navbatda, “ichki siyosiy barqarorlikni ta’minlash muhimligi” haqida o‘ylash kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Aks holda, Qozog‘iston davlatchiligi xalqimiz kelajagi dahshatli oqibatlarga olib keladigan xavfga uchrashi mumkin. Aynan shuning uchun men mamlakatning barcha fuqarolari qonun va tartibga istisnosiz rioya etishi zarurligi haqida gapiryapman”, — dedi Toqayev.