Shavkat Mirziyoyev 25-oktabrda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari va faxriylariga tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini “chinakam xalqchil tuzilma”ga aylantirish, aholi uchun barcha shahar va qishloqlarda xavfsiz yashash va mehnat sharoitini yaratish maqsadida ishlar amalga oshirilayotganiga to‘xtaldi.

Shu maqsadda 350 dan ziyod mahallada huquq-tartibot maskanlari tashkil etilib, 9,5 mingga yaqin mahallada profilaktika inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani keltirildi.

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” tizimi tashkil etildi. Endi profilaktika inspektori ana shu tizimning eng faol a’zosiga aylanib, vaziyatni xonadonlar kesimida o‘rganadi, dedi prezident tabrigida.

Unga ko‘ra, inspektorlar huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabr ko‘rish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda hal etish choralarini ko‘radi.

Eng muhimi, joylarda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni sog‘lom turmush tamoyillari asosida tarbiyalash orqali ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish bo‘yicha amaliyot yo‘lga qo‘yiladi, deya ta’kidlangan.

Biz O‘zbekiston sharoitida “Barcha islohot va o‘zgarishlar — inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga sodiq qolgan holda shu yo‘lda boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur. Bu borada o‘tgan davrda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yaratilgan mustahkam huquqiy bazaga tayanamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, ichki ishlar organlari sohasiga raqamli texnologiyalar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalariga asoslangan zamonaviy ish yuritish vositalari, sun’iy intellekt yordamida faoliyat ko‘rsatadigan axborot-ma’lumot tizimlari jadal tatbiq etilmoqda. Jamoat joylarida vaziyatni onlayn kuzatish, fuqarolarning murojaatlarini masofadan turib qabul qilish, huquqbuzarliklarni inson omili ishtirokisiz qayd etish amaliyoti bu borada muhim bo‘lmoqda.

Prezident, shuningdek, bugungi kunda har bir xodimdan yetarli bilimga ega bo‘lish, muloqot va muomala madaniyatini oshirish, har qanday murakkab vaziyatda ham to‘g‘ri qaror qabul qilib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish uchun o‘z ustida tinimsiz ishlash talab etilishini ta’kidlab o‘tdi.

“Barchamiz uchun xalqimiz hayoti eng katta maktab ekanini hech qachon unutmaylik. Shu maktabda bilim olib, toblanib, el-yurt manfaatlari uchun kurashib yashash — eng oliy saodatdir”.

Ta’kidlanishicha, 2023-yilda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi“da ayni shunday qoida va tamoyillar soha xodimlari faoliyatining bosh mezoni ekani qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari, kasb madaniyati bo‘yicha yangi kodeksga muvofiq, xushmuomala, e’tiborli, ehtiyotkor, fuqarolar va hamkasblariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishi lozim. Ular fuqarolarga qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

“Ishonchim komil, o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt o‘rtasida, albatta, munosib obro‘-e’tibor topadi… Har bir xodim navbatdagi unvonni olishi uchun majburiy tarzda kasbiy malakasini oshirishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasining boshqaruv magistraturasida tahsil olishi belgilangan va bunday tajriba o‘z ijobiy samarasini bermoqda”, — dedi prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining 80 foizi elektron shaklga o‘tkazilib, tizimda byurokratiya va fuqarolarni sarson qilish holatlari bartaraf etiladi.

Har bir faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va jamoatchilik tomonidan monitoring qilib borish amaliyotini “mahalla — tuman — viloyat — respublika” tamoyili asosida tashkil etish choralarini ko‘rishimiz lozim, dedi prezident.

“Ichki ishlar tizimidagi islohotlarimizning amaliy natijasini sohaning har bir xodimi, birinchi navbatda, xalqimiz o‘z kundalik hayotida sezishi shart”, — deya ta’kidladi u.