Toshkent metropoliteni bekatlarida Handpay (qo‘lni skanerdan o‘tkazish orqali) to‘lash tizimi ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda ATTO to‘lov tizimi vakili “Gazeta.uz” muxbiriga 24−27-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasidagi ICTExpo ko‘rgazmasida ma’lum qildi.

Kompaniya bosh mutaxassis Otabek Alimovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yangilik Transport vazirligi, UZINFOCOM kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan.

“Biz bugun ko‘rgazma doirasida Handpay tizimini namoyish etmoqdamiz. Bunda mijozlar skanerga qo‘lini ko‘rsatishi orqali to‘lovni amalga oshiradi. Bu xizmatdan foydalanish uchun ilovamizga Facepay [yo‘lkirani odam yuzi orqali to‘lasa bo‘ladigan tizim] kabi ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘ladi, u esa hozirgi kunda Buyuk ipak yo‘li metro bekatida sinov tariqasida ishlamoqda. Shu bilan bir paytda aholining yangi tizim borasidagi fikrlari hamda takliflari o‘rganilmoqda”, — dedi u.

Mutaxassis uning qachon yo‘lga qo‘yilishi borasida gapirarkan, Facepay tizimi barcha metro bekatlarini 100 foiz qamrab olib, odamlar o‘rganib olganidan so‘ng boshlanishini qayd etdi. Undan foydalanish haqida yo‘riqnoma ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Buyuk ipak yo‘li metro bekatining ikkala kirish qismida Face ID qurilmasini sinovdan o‘tkazish boshlangandi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa bekatlarda ham bu tizim paydo bo‘lishi aytilgan. Uni qanday ishga tushirish borasida bu yerda o‘qish mumkin.