Jahon meteorologik tashkiloti (JMT) 2022-yilda qum va chang bo‘ronlarining yuzaga kelish chastotasi va xavfi hamda ularning jamiyatga ta’siri bo‘yicha byulletenini e’lon qildi. Hujjatda, shuningdek, iqlim o‘zgarishi qanday qilib qum va chang bo‘ronlarining “qaynoq nuqtalari” sonini ko‘paytirishi mumkinligi ko‘rib chiqildi.

JMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili atmosferaga taxminan 2000 mln tonna chang chiqadi va osmonni qorong‘ilashtirib, minglab kilometr uzoqlikda joylashgan hududlarda havo sifatini yomonlashtiradi, shuningdek, iqtisodiyot, ekotizim, ob-havo va iqlimga ta’sir qiladi. “Ko‘p hollarda bu tabiiy jarayon, lekin uning sezilarli qismi suv va yer resurslarini yomon boshqarish oqibatidir”, — deyiladi byulletenda.

JMT 2022-yilda global o‘rtacha yillik chang konsentratsiyasi 2021-yilga nisbatan biroz yuqori bo‘lganini ta’kidladi. Sabab — Afrikaning g‘arbiy-markaziy qismi, Arab yarim oroli, Eron tog‘liklari va Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidan tashlanmalar miqdori ortgani.

O‘tgan yili chang konsentratsiyasi sezilarli darajada yuqori bo‘lgan “qaynoq nuqtalar” Markaziy va Janubiy Amerika, Markaziy Afrikaning katta qismi, Ispaniya, Qizil dengiz, Arab yarim oroli, Arab dengizi, Eron tog‘liklari, Bengal ko‘rfazi, Janubiy Osiyo, Tarim havzasi va Atlantika okeanining tropik qismida aniqlangan.

“Qum va chang bo‘ronlari sog‘liqni saqlash, transport, jumladan, aviatsiya, quruqlik, avtomobil va temiryo‘l transporti hamda qishloq xo‘jaligiga ta’sir qiladi. Bu inson salomatligi va xavfsizligiga, shuningdek, iqtisodga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi”, — deya ta’kidlagan JMT bosh kotibi Petteri Taalas.

So‘nggi yillarda raqamli modellar va kuzatuv tizimlari rivojlangani tufayli monitoring va prognozlashning aniqlik darajasi yaxshilandi, lekin ko‘proq ishlarni amalga oshirish kerak, ayniqsa, atrof-muhit degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi sharoitida, deyiladi hujjatda.

“Hukumatlararo ekspertlar guruhining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha va JMTning iqlim holati bo‘yicha hisobotlari inson faoliyati qum va chang bo‘ronlarining paydo bo‘lishiga ta’sir qilishini ko‘rsatmoqda. Masalan, haroratning ko‘tarilishi, qurg‘oqchilik va bug‘lanishning kuchayishi tuproq namligining pasayishiga olib keladi. Bu yerdan noratsional foydalanish bilan birgalikda qum va chang bo‘ronlari sonining ko‘payishiga ta’sir qiladi”, — deydi Taalas.

Shuningdek, byulletenda iqlim isishining turli ssenariylari bo‘yicha global chang tashlanmalaridagi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni baholash bo‘yicha so‘nggi tadqiqotlar natijalari haqida ma’lumot berilgan. Uch xil ssenariy bo‘yicha bazaviy (2015−2024) va kelajak (2091−2100) yillar o‘rtasidagi farq shuni ko‘rsatganki, asr oxirida Sharqiy Osiyodagi Gobi va Taklamakan cho‘llaridan Markaziy Osiyogacha bo‘lgan hududda kuchli isish kuzatilishi sharoitida chang tashlanmalari sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.