23-oktabr kuni Xitoy davlatining Xanchjou shahrida Para Osiyo o‘yinlari rasman start oldi. Musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 6 ta kumush va 8 ta bronza, jami 20 ta medalga sazovor bo‘lishdi.

Oltin medal:

Ilk oltin medalni para kanoe bo‘yicha ayollar o‘rtasida VL3 klassida marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan Shaxzoda Mamadaliyeva 58.775 soniya natija bilan qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasida VL2 klass bahslarida esa Iroda Rustamova 1:02.775 daqiqa natija bilan ikkinchi oltinga ega chiqdi.

Uchinchi oltin medalni erkaklar o‘rtasida VL2 klassida final bahslarida 42.487 soniya natija bilan marraga birinchi yetib kelgan Azizbek Abdulhabibov qo‘lga kiritdi.

Para yengil atletikaning ayollar o‘rtasida F12 klassida yadro uloqtirish dasturida Safiya Burxanova 13,87 metr natija bilan 4-oltin medalga ega chiqdi.

Erkaklar o‘rtasida 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bahslarida shohsupaning 3 ta o‘rni ham o‘zbekistonliklarga nasib etdi. Muzaffar Tursunxo‘jayev oltin medal oldi.

Kumush medal:

Para taekvondo bo‘yicha ayollar o‘rtasida -48 kg vazn toifasida Ziyoda Isoqova finalda raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medalga ega chiqdi.

Para dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida J2 klassida ikki nafar o‘zbekistonlik o‘zaro bellashdi. Yakunda Kemran Nurilloyev oltin, Sherzod Namozov esa kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Nayza uloqtirish dasturida ishtirok etgan Yorqin Odilov 47,72 metr natija bilan kumush medal oldi.

Balandlikka sakrash bahslarida Temur Giyazov 2 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Para suzish bahslarida Islam Aslanov 2-o‘rinni egalladi.

Para dzyudo: -57 kg vazn toifasida bellashgan Hosiyat Poziljonova kumush medalga ega chiqdi. , Uljon Amriyeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Bronza medal:

Para yengil atletikaning erkaklar o‘rtasida F32 klassida klab uloqtirish bo‘yicha bahslarda Sarvar Azimov 39.13 metr natija bilan bronza medal oldi.

Para taekvondo bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jangda Sanjar Muxtorov (-58 kg) bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Para dzyudo bellashuvlarida ayollar o‘rtasida J2 klassida Lobar Hurramova (-48 kg) yakunda bronza medal oldi.

Para yengil atletika: erkaklar o‘rtasida T13 klassida 100 metr masofaga yugurish bahslarida Doniyor Ahmedov 11.35 soniya natija bilan marraga 3-bo‘lib yetib keldi, u navbatdagi bronzani jamoa hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Uzunlikka sakrash bahslarida Urganch Egamnazarov 6,32 metr natija bilan uchinchi bo‘ldi va 5-bronza medaliga ega chiqdi.

Para suzish bahslarida Kirill Pankov 3-o‘rinni egalladi.

Para dzyudo: -57 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Uljon Amriyeva bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Birinchi sermedal kunni para dzyudochi Fotima Toirova (-48 kg) yakunladi. U bronza medaliga sazovor bo‘ldi.