O‘zbekistonda kamida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqargan tadbirkorlar bemorlarga mazkur dorini tavsiya qilish uchun shifokor, hamshira va dorixona xodimlarini rag‘batlantirib kelgan. Bu haqda sudning 23-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Daryo”.

Sud majlisida ko‘rsatma bergan Soliq qo‘mitasi vakiliga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar “Dok-1 Maks” siropini bemorlarga tavsiya qilgan va uning ko‘proq sotilishiga hissa qo‘shgan shifokorlarga 5 milliard 57 million so‘mlik rag‘bat puli to‘lagan.

Shifoxonalarda emlash bilan shug‘ullangan hamshiralarga esa 122 million so‘mlik mukofot pullari berilgan. O‘z navbatida, ular ham siropni bemorlarga tavsiya qilgani aytildi.

“„Dok-1 Maks“ siropini boshqalarga nisbatan ko‘proq sotgan dorixona sotuvchilari va rahbarlarini muokofotlash uchun esa 2 milliard 345 million so‘m mablag‘ ajratilgan. „Quramax Medikal“ MCHJ mas’ullari korxona faoliyatiga hissa qo‘shgan xodimlariga konvert usulida 13 milliard so‘mlik oylik maosh to‘lab bergan”, — deyiladi nashr xabarida.

Soliqchining qo‘shimcha qilishicha, bu mablag‘lar daromad soliqlariga tortilgach, MCHJning qo‘shimcha 9 milliard 600 million so‘mlik soliq qarzdorligi yuzaga kelgan.

Hindistonlik sudlanuvchi, “Quramax Medikal” MCHJ direktori S.R.P. manfaatini himoya qilayotgan advokat Davron Ahmadov soliqchining ma’lumotlariga e’tiroz bildirib, nega shifokorlar o‘z vazifasini bajarib, bemorga dori tavsiya qilgani, muolaja uchun dorilar yozib bergani uchun ulardan undirilayotgan daromad soliqlarini aynan “Quramax Medikal” MCHJ to‘lab berishi kerakligini so‘radi.

Soliqchi Soliq kodeksiga ko‘ra, “Quramax Medikal” MCHJ soliq agenti sifatida ko‘rilganini, shu sabab shifokorlarga to‘langan 5 milliard 57 million so‘mlik puldan olingan daromad solig‘i aynan MCHJdan undirilishini ma’lum qildi.

Avvalroq “Dok-1 Maks” siropi 2021-yilda qayta ro‘yxatdan o‘tayotganda GMP sertifikati bo‘lmasa-da, 2 oy mobaynida sotuvi davom etgani ma’lum bo‘lgandi. Bu davrda zaharli moddasi bo‘lgan 40 mingga yaqin flakon mamlakatga kirgan.