Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 160-maktab o‘qituvchilari prezidentga videomurojaat qilib chiqishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida maktabda ko‘p bora tekshiruvlar o‘tkazilgan va bu tekshiruvlar o‘qituvchilarni charchatgan. Shuningdek, ular maktab direktori ishdan olinganidan ham norozi.

Murojaat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izoh berdi. Munosabatda ta’kidlanishicha, Yakkasaroy tumanidagi 160-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi ta’lim-tarbiya jarayonlariga boshqarma mutasaddilari tomonidan asossiz ravishda xalaqit qilinmagan va o‘rganishlar olib borilmagan. Fuqaro F.A.Iskandarovaning Toshkent shahar prokuraturasiga qilgan murojaatlaridan so‘ng, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassislari jalb etilgan holda Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan tekshiruv-taftish hamda o‘rganish ishlari olib borilgan.

Jumladan, Yakkasaroy tuman prokuraturasining 2023-yil 21-sentabrdagi 9/09−1/23-sonli “Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida”gi taqdimnomasidan so‘ng, 160-макtaб direktori Irina Kazakova egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Unga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

“Oxirgi yillarda maktabda ta’lim-tarbiya jarayonlari sifat ko‘rsatkichi keskin pasayib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim inspeksiyasining e’lon qilgan umumta’lim maktablari reytingida ham bu o‘z tasdig‘ini topgan. Jumladan, 2021-yil yakunlariga ko‘ra, maktab reyting parametrlari bo‘yicha 160-maktab respublikamizdagi mavjud 10130 ta umumta’lim maktablari orasida 8067-, shahardagi 318 ta maktab o‘rtasida 233- va tumandagi 15 ta maktab orasida 12-o‘ringa tushib ketganligi achinarlidir”, — deyiladi boshqarma munosabatida.

Boshqarma qayd etishicha, 160-maktab o‘quvchilarining so‘nggi uch yilda birorta na respublika va na xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok ham etmagan. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik soni sezilarli darajada ko‘paygan.

“Maktab direktori I.Kazakova tomonidan o‘qituvchilar o‘rtasida tartib-intizomning o‘ta susaytirib yuborilganligi, ta’lim muassasasida Qonun va qonunosti hujjatlarini yuritishda jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, ijro intizomini qo‘pol ravishda buzganligi tekshirishlar natijasida aniqlangan. Natijada Yakkasaroy tuman prokuraturasi bergan taqdimnoma O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi tomonidan o‘rganilgan va ularning xulosasiga ko‘ra, maktab direktori I.Kazakova ishdan bo‘shatilganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi boshqarma munosabatida.