Diplomatik missiyasi yakunlanishi munosabati bilan O‘zbekistonning Italiyadigi elchisi Otabek Akbarov Rim shahrida mamlakat tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirining o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Edmondo Chiriyelli diplomatik missiya rahbarining besh yillik faoliyatini ijobiy baholadi va Italiya TIV nomidan ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularga ko‘p qirrali va barqaror tus berish borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8−9-iyun kunlari Italiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilinganining ahamiyati ta’kidlandi. Shu tariqa Italiya G‘arbiy Yevropa davlatlaridan birinchi bo‘lib O‘zbekiston bilan bunday yuksak darajadagi aloqalarni o‘rnatdi, deyiladi xabarda.

Ikki davlat parlamentlarida do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda, O‘zbekistonning 2 ta faxriy konsulligi Florensiya va Milanda tashkil etilgan, Italiyaning boshqa mintaqalarida ham faxriy konsulliklarni ochish rejalashtirilgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston viloyatlari bilan Italiya hududlari o‘rtasida, xususan, Lombardiya, Toskana, Veneto, Umbriya, Kampaniya, Marke, Abrutsso va Emiliya-Romanya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar faollashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil avgust oyida Italiyaga elchi etib tayinlangan Otabek Akbarov bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Gretsiyadagi elchisi hamda respublikaning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) dagi doimiy vakili sifatida ham faoliyat yuritgan.