20-oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati konlaridan birining ekskavator mashinisti, mehnat faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiyev 69 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Jonsaid Turdiyev 1954-yilda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Olmaliq shahridagi 80-avtokorxonada haydovchi sifatida boshlagan.

U 1977-yildan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida faoliyat ko‘rsatib, qariyb o‘ttiz yil mobaynida “Qolmaqir” konida xizmat qilgan, ko‘plab shogirdlar tayyorlab, tog‘-kon sanoati rivojiga katta hissa qo‘shgan.

1998-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan mukofotlangan.

Jonsaid Turdiyevning vafoti munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa bir qator rasmiylar marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.