Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 20-oktabrdan 24/7 rejimida ishlashni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga kutubxona ma’muriyati xabar berdi.

Ma’muriyatning qayd etishicha, Milliy kutubxonada tungi vaqtda faoliyat yuritish uchun qo‘shimcha shtat birliklari ajratilmagan.

Shuningdek, “foydalanuvchilarni nazorat qilish imkoni cheklangan, bunda kompyuter texnikalaridan maqsadsiz foydalanish (film va roliklar ko‘rish)ning oldini olish ko‘zlangan”.

“Bundan tashqari, kuz-qish mavsumida elektr energiyasi sarfini birmuncha iqtisod qilish va kichik xizmat ko‘rsatish personalida (farroshlar) mavjud vakant ish o‘rinlarini to‘ldirish, kuz-qish mavsumida binodagi garderob faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mavjud emasligini e’tiborga olib, Milliy kutubxona tungi smenada faoliyat olib borishni mavsumiy (vaqtincha) to‘xtatib, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish vaqtini soat 08:00 dan 21:00 gacha etib belgiladi”, — deyiladi xabarda.

Yangi tartibga ko‘ra, kutubxona 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi.

Kutubxona uzluksiz faoliyatini qachondan qayta boshlashiga aniqlik kiritilmadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur muassasa takliflarga ko‘ra 2022-yilning 1-noyabridan tunu kun ishlay boshlagandi.