Vazirlar Mahkamasining “Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama uchun taqdim etildi.

Qaror loyihasi transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash hamda belgilangan og‘irlik va gabarit me’yorlariga qo‘yilgan talablarni yanada kuchaytirish, respublikadagi barcha toifadagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarning xizmat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, shuningdek, saqlash xarajatlarini qisqartirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullanadi:

  • avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar (keyingi o‘rinlarda — o‘lchov-nazorat shoxobchalari) o‘rnatish va undan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish tizimini joriy etish;
  • belgilangan yuk ko‘tarish me’yorlariga javob bermaydigan import qilinayotgan va hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarini respublika hududiga olib kirish va harakatlanishini taqiqlash;
  • mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklash.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:

  • o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarini belgilaydi va mazkur joylarni elektron onlayn-auksionlar tizimi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga belgilangan talablar asosida biriktiradi;
  • tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qiladi va ular tomonidan o‘rnatilgan o‘lchov-nazorat shoxobchalarini muntazam ravishda nazorat qilib boradi;
  • o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishiladi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi:

  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida belgilangan me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositalari ustidan;
  • belgilangan vaqtdan tashqari vaqtda mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini cheklash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish-montaj ishlariga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqilishida va obyektlarni qurilish jarayonida qurilish materiallarini tashish uchun qo‘llaniladigan avtotransport vositalarini reglament talablariga mos kelishi ustidan nazorat qiladi.

Transport vazirligi huzuridagi “Raqamli transport” markazi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan, o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatiga ega idoralararo elektron axborot tizimining ishlab chiqilishi va ishga tushiriladi. Bunda elektron axborot tizimi Transport vazirligi huzuridagi “Raqamli transport” markazi tomonidan ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan issiq kunlarda yuk mashina va avtopoyezdlarga yo‘llarda harakatlanishiga cheklovlar kiritiladi.