Samarqand viloyatida 36 yoshli erkak 3 nafar voyaga yetmagan farzandini (2 ta qiz va 1 ta o‘g‘il) oshxona pichog‘i bilan qasddan o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Davr” dasturida xabar qilindi.

Erkakning ma’lum qilishicha, qotillikka Isroil davlatida ishlab kelayotgan turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

“Xotinim „Yashamayman, bollarni olib oyimning uyiga olib borib qo‘y, meni erim bor“ dedi. Shundan keyin o‘zimni yo‘qotdim. Katta qizcham qo‘limda jon berdi, ko‘rib qo‘rqib ketdim. Dodladim, yig‘ladim, keyin turib o‘zimni pichoqladim. Shu bilan hushimdan ketdim va shifoxonada uyg‘ondim”, — dedi erkak.

U sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v” va “j” bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi, ikki yoki undan ortiq shaxsni, o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.