Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Inter Logistics logistika markazida 28-sentabr kuni sodir bo‘lgan portlash oqibatida yetgan zarar miqdori 14,5 milliard so‘mni tashkil qildi. Bu haqda prezident topshirig‘iga binoan tuzilgan hukumat komissiyasi xabarida so‘z boradi.

Portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 kishini tashkil etdi, ulardan 150 nafari yengil, 13 nafari og‘ir tan jarohati oldi. Bir kishi — 17 yoshli o‘smir vafot etdi.

Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Favqulodda vaziyat tufayli hududdagi 305- maktab (1250 o‘rinli) va 600- og‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, zarar ko‘rgan obyektlarga pudratchilar biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

“Aholining muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida “1205” qisqa raqamli Call-markaz tashkil etildi. Markazga 450 dan ortiq murojaat kelib tushgan va barchasi ijobiy hal qilingan, deya xabar beradi komissiya.

“Kompleks sud ekspertiza, tergov va sud jarayonlari yakunlangach, aniqlangan zarar miqdori aybdor deb topilgan javobgardan qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq undirib olinadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgani haqida yozgandik. 4 nafar shaxs qamoqqa olingan, 1 nafar gumonlanuvchiga nisbatan garov tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bir kun avval “Gazeta.uz” Sergeli tumanidan jabr ko‘rgan xonadonlarning ko‘plab aholisiga yetkazilgan zarar hali ham to‘liq qoplanmagani haqida xabar bergandi. Ko‘pgina kvartiralarda hali ham derazalar yo‘q. Muxbirlarimiz marhum bolaning yaqinlari bilan ham suhbatlashgan.