18-oktabr kuni Troll.uz kanalida Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdida joyini almashtirish uchun vagon kuzatuvchisiga 100 ming so‘m bergan turk sayyohining videosi tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” holat bo‘yicha o‘rganish olib bordi, biroq aybdor xodimni aniqlay olmaganini ma’lum qildi.

Sayyoh videoda pul evaziga joyini yaxshilab berishganini, umrida birinchi marta pora bergan va bundan o‘zini g‘alati his qilganini aytgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” uning vagon toifasini o‘zgartirganligi yuzasidan tarqalgan holat bo‘yicha o‘rganish olib borganda kerakli ma’lumotlar (qaysi kun, qaysi poyezd, qaysi vagon) videorolikda aks etmagani sababli holat o‘z isbotini topishini va aybdor xodimni aniqlashning imkonini topolmadi.

“Ushbu jarayonda OAVlarida tarqatilayotgan har bir ma’lumot, fuqarolarimizning va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarimizning mamlakatimiz temir yo‘llari haqida salbiy tasavvurlar paydo bo‘lishiga olib keladi”, — deyiladi munosabatda.

Tashkilot yuqoridagi holatlar uchragan taqdirda, zudlik bilan jamiyatning ishonch telefoniga (+99871−299−94−50) qo‘ng‘iroq qilish yoki @pastrans Telegram-manziliga murojaat qilishni so‘radi.

Avvalroq, joyni almashtirish uchun vagon kuzatuvchisiga pul berish holati Traveltomtom nomi bilan tanilgan gollandiyalik sayohatchi va bloger Tom Grond bilan ham sodir bo‘lgandi. Uning holat haqida gapirgan videosini 10-oktabr kuni Troll.uz kanali tarqatgandi. Voqea ma’lum bo‘lgach, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi poyezd boshqaruvchisi 10-iyul kuni ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.