Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Best tourism villages 2023 awards taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi va unda Navoiy viloyatining Sentob qishlog‘i g‘olib bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Eng yaxshi turizm qishlog‘i bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatiga O‘zbekistonning jami 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi Konigil, Navoiy viloyatidagi Sentob, Surxondaryo viloyatidagi Sangardak, Jizzax viloyatidagi Uxum va Farg‘ona viloyatidagi Avval turizm qishloqlari kiritilgan.

Marosimda UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili nominatsiya nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga ham sayyohlar e’tiborini jalb qilishda xizmat qilishini ta’kidlagan.

“Biz turizmni qishloq hayoti taraqqiyoting drayveriga aylantirishni maqsad qilganmiz. 2021-yilda tashkil etilgan „Eng yaxshi turizm qishloqlari“ nominatsiyasi qishloqlardagi hayotni yanada yaxshilash borasidagi ishlarimizning debochasi, xolos”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Sentobga 2023-yilning 17-mart kuni rasman turizm qishlog‘i maqomi berilgan. Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik subyekti mavjud. Qishloqda muntazam ravishda Angliya, Fransiya, Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar oqimi kuzatilmoqda.

Qishloqda 20 ta oilaviy mehmon uyi va 3 ta hostel faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga belgilangan standartlar asosida mehmon uylari nomi tushirilgan ko‘rsatkichlar o‘rnatildi. Ayni damda turizm qishlog‘ida 15 dan ortiq turistik xizmat yo‘lga qo‘yilgan.