Samarqandda o‘tayotgan Xalqaro turizm forumi doirasida O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Eron turizm vaziri Ezzatollah Zarg‘amiy uchrashdi. Bu haqda Tehran times nashri xabar qildi.

Zarg‘amiy ikki davlat o‘rtasida vizani bekor qilish bo‘yicha kelishuv imzolansa Eron buni olqishlashini qayd etdi. U Samarqandda ikki davlat tomonidan turizm aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki ishlar olib borilganini aytdi va “biz Eronda ikki davlat o‘rtasidagi [sayyohlik] vizalarini bekor qilish yo‘llarini izlayapmiz”, — dedi.

Yaqinda Buxoroga qilgan safari haqida gapirar ekan, “Buxoroga tashrif buyurganimda bu ikki xalq qanchalik yaqin ekanini his qildim. O‘zbekistonlik sayyohlarning Eronga kelishini qo‘llab-quvvatlaymiz, shuningdek, xorijga sayohat qilishni rejalashtirayotgan eronlik sayyohlar O‘zbekistonga ustuvor ahamiyat berishlari kerak, deb hisoblaymiz”, — dedi.

Eronlik vazir o‘z nutqining yana bir joyida quruqlik orqali sayohat qilish qulayligini targ‘ib qilish muhimligini ta’kidlab, “Turkmaniston bilan hamkorlikda turizmni rivojlantirish uchun quruqlikdagi sayohatlarni osonlashtirishimiz kerak”, — dedi.

Abduhakimov, o‘z navbatida, ularning uchrashuvdagi muhokamalari kelajakda “yaxshi natija” berishiga umid bildirdi.

Zarg‘amining turizm bo‘yicha o‘rinbosari li-Asg‘ar Shalbafiyanning so‘zlariga ko‘ra, Islom Respublikasi chegaralarni yumshatish siyosatini ko‘rib chiqmoqda, unga ko‘ra 60 davlat pasporti egalari uchun viza talablarini bir tomonlama bekor qilishi mumkin.

“60 ta davlat bilan viza rejimini bekor qilish taklifi Madaniy meros, turizm va hunarmandchilik vazirligi tomonidan kiritilgan va hozirda Tashqi ishlar vazirligi va tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda”, — degan Ali-Asg‘ar Shalbafiyan shu yil boshida.