Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda “Yuqori Pskem” GTES quriladi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda China Southern Power Grid International kompaniyasi o‘rtasida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan “Yuqori Pskem” GTES (Gidro to‘plash elektr stansiyasi) istiqbolli loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha JDA kelishuvi (joint development agreement — birgalikda rivojlantirish shartnomasi) ni imzolandi.

Tadbirda ikkala mamlakat energetika vazirlari, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Fozil Maxmudov hamda China Southern Power Grid International kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.