UzAuto Motors kompaniyasi ommabop avtomobillar narxlarini oshirgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar qilmoqda Spot.

Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, sotuvda mavjud bo‘lmagan Lacetti, Damas, Labo va Cobalt modellari narxlari qimmatlashgan. Biroq kompaniya bu haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Komplektatsiyalarning narxlari quyidagicha oshirilgan:

  • Lacetti L-Style Plus AT — 160 mln 868 ming so‘mdan 169 mln 118 ming so‘mga;
  • Damas D2 DLX Style Plus — 92 mln 204 ming so‘mdan 96 mln 932 ming so‘mga;
  • Labo LB2 Plus: 91 mln 669 ming so‘mdan 96 mln 370 ming so‘mga;
  • Cobalt GS-Style Plus MT — 113 mln 711 ming so‘mdan 119 mln 542 ming so‘mga;
  • Cobalt GX-Style Plus AT — 134 mln 294 ming so‘mdan 141 mln 181 ming so‘mga.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ushbu o‘zgarishni navbatdagi ahmoqlik deb atadi.

“Hukumatning xalqdan yashirgan yopiq qarorlari asosida katta imtiyozlarga ega zararkunanda, monopolist nimaiki ahmoqlik bo‘lsa qilmoqda. Faqat bu ishlar xalq emas, xalqning qiynalishi hisobiga yashaydigan, bir guruh shaxslarning foydasiga”, — deb yozdi u.

Avvalroq kompaniya kelasi yilgacha ommabop avtomobillar uchun yangi shartnomalar tuzmasligi va narxlar yana oshishi kutilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni soat 17:30 da kompaniya avtomobillar uchun shartnomalar chiqarish qayta tiklangani va yangi konfiguratsiyalar joriy etilganini, 5-avgust kuni soat 15:57 da esa 2023-yil uchun qo‘shimcha partiyaga to‘liq shartnoma tuzilganini ma’lum qilgandi.

Oradan vaqt o‘tib, UzAuto Motors yil oxirigacha 50 mingdan ortiq avtomobil egalariga topshirilishini ma’lum qilgandi. 2024-yildan esa avtomobillar shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy ichida yetkazib berilishi va’da qilgan.