Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining 600 ga yaqin talabasi kursdan kursga qoldirilgani aytilgan video e’lon qilindi. Institut rektori Ilhom Mamatqulov holatga izoh berdi.

Qayd etilishicha, videoda Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida institutda bakalavr bosqichida o‘qiyotgan talabalar hisoblanadi. Ular “Akademik nizom talablari”ga rioya etmagani uchun qayta o‘zlashtirish imtihonlaridan o‘ta olmagan, shuningdek, o‘quv jarayonlari bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan markaziy ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limiga murojaat qilgan talabalar bo‘lgan.

Sanderlend universiteti ta’lim tizimiga ko‘ra, talabaga fanni o‘zlashtirish uchun jami 4 marotaba imkoniyat beriladi. Shundan so‘ng ham talaba fanni o‘zlashtira olmasa, talabalar safidan chetlashtiriladi.

Ta’kidlanishicha, 2022−2023 o‘quv yilida Sanderlend universiteti ta’lim dasturi asosida 2313 nafar talaba tahsil olgan bo‘lib, shundan 532 nafari akademik nizom talablarini qo‘pol ravishda buzgan (kurs ishlarida me’yordan ko‘p plagiat qayd etilishi — “plagiarism” hamda ko‘chirmakashlik qilish yoki shpargalkalardan foydalanish holati — “cheating”).

Oliygoh masala bo‘yicha Sanderlend universiteti akademik kengashi tomonidan har bir talaba holati individual o‘rganib chiqilishi va akademik huquqbuzarligi tahlil qilinishini bildirgan.

Qayd etilishicha, hamkor universitetlar tomonidan olib borilayotgan o‘rganish natijalari to‘g‘risida bir necha kun ichida talabalarga ma’lum qilinadi.

“Talabalarning statuslari (fanni o‘zlashtirganlik holati) aniq bo‘lgunga qadar, vaqt yo‘qotmaslik maqsadida mazkur talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etilib, ular tegishli fanlarga yo‘naltirildi. Hozir talabalar o‘quv jarayonlarida ishtirok etyapti”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Ma’lumot uchun, institutda bir yillik o‘quv shartnoma to‘lovi 32 million 256 ming so‘m. Qayta o‘zlashtirishga qolgan talaba faqatgina qayta o‘qiyotgan fani uchun to‘lovni amalga oshiradi.