16-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha BMTning ixtisoslashtirilgan instituti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatda YUNVTO Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi o‘tkazilishi, uning doirasida Samarqand shahrida Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo‘li” tematik ofisining ochilishi hamkorlikning muhim amaliy natijalari bo‘ldi, deyiladi xabarda.

YUNVTO bosh kotibi prezidentga turizm sohasining 2023-yilgi bosh xalqaro tadbiri yuksak saviyada tayyorlanishi va tashkil etilishiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv yakunida yubiley sessiyaning asosiy yakunlarini amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi 16−20-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda. Forumda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan yuqori darajali delegatsiyalar ishtirok etmoqda.

Bosh assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va ta’lim forumlari ham bo‘lib o‘tadi. Ular yakunida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.