O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Singapurda bo‘lib o‘tgan First Global Challenge robototexnika chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

Terma jamoa tarkibidan Shukrullo Sodiqov (Buxoro shahri), shuningdek, Mahkambek Teshabayev, Nazarboy Rahmonov, Abdulaziz Mirahmedov va Aydar Ermuxon (barchasi Toshkent shahri) joy olgan.

“Biz Singapurga kuchli jamoani olib keldik, ular qisqa vaqt ichida xalqaro chempionatga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rdi. O‘zbekistonda robototexnika yildan-yilga jadal rivojlanmoqda”, — deydi jamoa ustozi Safina Teshabayeva.

First Global Challenge har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan robototexnika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib, bu yilgi chempionatda 191 davlatdan vakillar ishtirok etdi.

Terma jamoa bu musobaqada ishtirok etish uchun 100% grant yutib olgan, deyiladi vazirlik xabarida.