Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida 18 yoshli qiz yaqinlashib kelayotgan poyezd oldida relslar ustiga sakrab tushdi, deya xabar berdi IIV Transport va turizm obyektlarini qo‘riqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, voqea 12-oktabr kuni sodir bo‘lgan. Platformada bo‘lgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi (MXTB) xodimi buni payqab, uning ortidan relslarga sakrab tushadi va qizni ko‘tarib, chiqarib olishga urinadi.

Mashinist darhol poyezdni to‘xtatadi. Bu vaqtda MXTBning ikkinchi xodimi yordamga keladi va u ham relslar ustiga tushadi. Ular birgalikda qizni platformaga ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishadi.

Aniqlanishicha, qiz Farg‘ona viloyatidan bo‘lib, 2005-yilda tug‘ilgan, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 2-bosqich talabasi. MXTB xodimlari qizga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tez yordam chaqirib, uning qarindoshlari bilan bog‘lanadi va sodir bo‘lgan voqea haqida xabar berishadi.

Kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni ko‘rish chog‘ida qiz voqea vaqtida o‘zini noo‘rin tutgani ma’lum bo‘ldi, deya ta’kidladi boshqarma.

Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.