Rossiyaning “Gazpromneft” kompaniyasi O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirishga ko‘maklashadi. Bu haqda Rossiya energetika haftaligi doirasida “Gazpromneft” va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida shartnoma imzolandi.

“O‘zbekneftgaz” axborot xizmati xabariga ko‘ra, konlarda quduqlarni qurish va ulardan foydalanish uchun “Gazpromneft — Noyabrskneftgaz” loyihaning operatori sifatida muhandislik yondashuvlari va yechimlarini ishlab chiqadi.

“Gazpromneft” 2012-yildan buyon uglevodorodlarni qazib olish va texnologik jarayonlar samaradorligini oshirish imkonini beruvchi burg‘ilashni boshqarish markazlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

“Gazpromneft” kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasi “O‘zbekneftgaz”ga quduqlarni qurish vaqtini 20 foizdan ko‘proq muddatga qisqartirishga yordam berishi aytilmoqda.

U burg‘ilash nazorati, burg‘ilash uskunalari auditi, quduq dizaynini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar va burg‘ilash suyuqligining optimal formulasini tanlashni o‘z ichiga oladi.

“„Gazpromneft“ bilan hamkorlikda burg‘ilashni boshqarish markazining tashkil etilishi quduqlarni burg‘ilash bilan bog‘liq barcha jarayonlarni yanada samarali va uyg‘un boshqarishni ta’minlaydi. Mutaxassislarimiz bir necha yillar davomida ana shunday markazni tashkil etish uchun xalqaro kompaniyalar tajribasini o‘rganishdi. O‘rganishlar natijasida „Gazpromneft“ kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihani amalga oshirishga qaror qilindi”, — deya ta’kidladi “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov.

“Noyabrskneftgaz” mutaxassislarida quduq unumdorligini maksimal darajada tiklash borasida o‘zlashtirishning kech bosqichidagi konlarni ishlatish uchun zarur texnologik malakalar bor.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”da burg‘ilashni boshqarish markazini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Bunda ham “Gazpromneft” dasturiy ta’minoti va uning quduqlarni qurish bo‘yicha tajribasidan foydalaniladi.

Ayni paytda kompaniya tasarrufida burg‘ilashni tunu kun nazorat qiladigan yuqori texnologiyali 10 ta quduq qurilishini boshqarish markazi mavjud. Ularning ulushi jami 87 foizni tashkil etadi. Xorijiy kompaniya bilan hamkorlik jamiyatning innovatsion faoliyatini faollashtiradigan yangi texnologiyalar va yechimlarni yaratish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida, “Gazpromneft-Noyabrskneftgaz” “Gazpromneft” kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi. Korxona Yamalo-Nenets va Xanti-Mansi avtonom hududidagi 37 ta konda neft va gaz qazib chiqarish bilan shug‘ullanadi.