Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi, deya xabar qilmoqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shaharning “Nadirmat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro U.X. tasarrufidagi firmada ta’minotchi korxona bilan hech qanday shartnomasiz, ruxsatsiz, elektr tarmoqlariga ulanib, foydalanib kelayotgani aniqlangan.

Oqibatda, fuqaro tomonidan korxonaga 431,7 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Mazkur qoidabuzarlik yuzasidan mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtatildi.